Jahon

Isroil hujumlari G‘azoni “zaharli xaroba”ga aylantirdi — Oxfam

Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari suv, tuproq va havoning keng ko‘lamda ifloslanishiga olib kelib, aholi salomatligi hamda oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.

Isroil hujumlari G‘azoni “zaharli xaroba”ga aylantirdi — Oxfam

Isroilning G‘azoga qarshi harbiy amaliyotlari oqibatida hududning 99 foizidan ortig‘ida ekologik ifloslanish yuzaga kelgan. Zaharlangan suv, ifloslangan tuproq va vayronalardan tarqalayotgan zararli moddalar 2,3 million falastinlikning salomatligi va hayotiga tahdid solmoqda. Bu haqda Oxfam xalqaro xayriya tashkiloti va Mojarolar va atrof-muhitni kuzatish markazi (CEOBS) hisobotida ma’lum qilindi.

 

Hisobotda qayd etilishicha, Isroilning portlovchi va yondiruvchi qurollardan foydalanishi, binolar va infratuzilmani vayron qilishi G‘azoda havo, suv, tuproq hamda oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishiga sabab bo‘lgan. Tahlil sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, masofadan zondlash, ilmiy tadqiqotlar va ochiq manbalardagi ma’lumotlarga asoslangan.

 

Oxfam xalqaro ijrochi direktori Amitabh Behar Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat hozirgi aholi, balki kelajak avlodlar hayotiga ham tahdid soladi. Tashkilot ifloslangan havo, suv, oziq-ovqat va tuproq orqali falastinliklar turli zaharli moddalarga duch kelayotganini bildirgan.

 

G‘azoda 61 million tonna vayrona hosil bo'lgan

 

BMT Atrof-muhit dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yil 7-oktyabrdan boshlangan hujumlar natijasida G‘azoda 61 million tonna vayrona hosil bo‘lgan. Bu hududda yashayotgan har bir kishiga o‘rtacha 29 tonnadan to‘g‘ri keladi.

 

Oxfam ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 11-oktyabr holatida Isroilning quruqlikdagi harbiy amaliyotlari G‘azo hududining 78 foiziga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Vayronalarni olib chiqish uchun 2,1 million yuk mashinasi qatnovi talab etiladi.

 

Hisobotda G‘azo hududining 99 foizidan ortig‘ida kamida bitta ehtimoliy ifloslanish manbai mavjudligi aniqlangan. Eng yuqori xavf G‘azo shahri, Xon Yunis, Rafah, Jabaliya va Salohiddin ko‘chasi yo‘nalishida qayd etilgan. Portlamay qolgan o‘q-dorilar, shikastlangan transport vositalari, akkumulyatorlar va yoqilg‘i zaxiralari tuproq hamda yerosti suvlariga zarar yetkazishi mumkin.

 

Suv ta’minoti 61 foizga kamaygan

 

Falastin suv idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda kunlik suv ta’minoti 2023-yil oktyabrigacha 334 ming kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil iyunida 54,7 ming kub metrgacha tushgan. 2026-yil apreliga kelib, favqulodda ta’mirlash ishlari natijasida bu ko‘rsatkich 130,3 ming kub metrga yetgan. Shunga qaramay, suv ta’minoti hujumlardan oldingi darajadan 61 foizga kamligicha qolmoqda.

 

61 ta suv rezervuaridan faqat 9 tasi ishlamoqda. Ularning umumiy sig‘imi har bir kishiga bir kun davomida 18 litr suv yetkazib berishga imkon beradi.

 

Bundan tashqari, 2024-yil apreliga kelib, G‘azodagi oltita oqova suvni tozalash inshootining barchasi vayron qilingan. Har kuni O‘rta yer dengiziga taxminan 40 ming kub metr tozalanmagan oqova suv oqib tushmoqda. 2026-yil aprelida kanalizatsiya tarmog‘ining atigi 30 foizi va nasos stansiyalarining 19 foizi qisman ishlayotgan edi.

 

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga zarar yetgan

 

Oxfam hisobotiga ko‘ra, 2023-yil oktyabrigacha G‘azodagi fermer xo‘jaliklari aholi iste’mol qiladigan yangi sabzavotlarning 95 foizini yetkazib bergan. 2025-yil oxiriga kelib esa ekin maydonlarining 87 foizdan ortig‘i zarar ko‘rgan, atigi 3 foizi foydalanish mumkin bo‘lgan va shikastlanmagan holda qolgan.

 

Shuningdek, 7 200 dan ortiq issiqxona zarar ko‘rgan, bir milliondan ortiq zaytun daraxti ildizi bilan qo‘porib tashlangan. Urug‘larni saqlash va tarqatish bilan shug‘ullangan obyektlar ham vayron qilingan.

 

2026-yil iyulida G‘azoda 1,2 million kishi yoki aholining 59 foizi oziq-ovqat tanqisligining inqiroz darajasi va undan og‘ir sharoitda yashagan. Hisobotda qoramollarning qariyb 95 foizi yo‘qotilgani, baliqchilik keskin qisqargani ham qayd etilgan.

 

Aholi salomatligi uchun xavflar ortmoqda

 

Hisobotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–fevral oylarida G‘azoda o‘tkir respirator infeksiyalarning 1,9 milliondan ortiq holati va o‘tkir diareyaning qariyb 81 mingta holati qayd etilgan. Diareya bilan kasallanganlarning 36 mingdan ortig‘i besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

 

2024-yilda G‘azodagi oqova suvlarda poliovirusning 2-turi aniqlangan. Keyinchalik bir bolada falajlikka olib keluvchi poliomiyelit qayd etilgan. Bu hududda 25 yil ichida aniqlangan ilk shunday holat bo‘lgan.

 

Oxfam ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoning yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 83 foizga kamayib, 362 million dollarni tashkil etgan. 2025-yil oktyabriga kelib, bevosita jismoniy zarar 35,2 milliard dollar, iqtisodiy yo‘qotishlar esa 22,7 milliard dollarga baholangan.

 

Hududni tiklash va qayta qurish uchun keyingi o‘n yil davomida 71,4 milliard dollar talab etilishi taxmin qilinmoqda. Shundan 26,3 milliard dollari dastlabki 18 oyda zarur bo‘ladi.

 

Oxfam G‘azodagi ekologik va infratuzilmaviy zarar oqibatlarini aniqlash uchun to‘liq mustaqil tekshiruv o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. Tashkilot hududni tiklash bo‘yicha besh bosqichli rejani ham taklif qilgan. U ifloslanish xavfini kamaytirish, tekshiruvlar o‘tkazish, muhim infratuzilmani ta’mirlash, zaharli chiqindilarni boshqarish va uzoq muddatli ekologik monitoringni yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.

 

Hisobotda G‘azodagi suv, oziq-ovqat va sanitariya tizimlarining vayron qilinishi Isroilning xalqaro huquq, jumladan, Genotsid konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlariga rioya etgan-etmaganini baholashda ahamiyatli bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

 

Narkotik kontrabandasining g‘ayrioddiy usuli: 4 kishi 280 ta kapsula bilan ushlandi

Narkotik kontrabandasining g‘ayrioddiy usuli: 4 kishi 280 ta kapsula bilan ushlandi

Gumonlanuvchilar sud qarori bilan hibsga olinib, qamoqqa yuborilgan.

Xitoyda josuslik ishi: davlat sirlarini sotgan amaldor o‘limga hukm qilindi

Xitoyda josuslik ishi: davlat sirlarini sotgan amaldor o‘limga hukm qilindi

Amaldor xorijiy davlatga 100 dan ortiq ma'lumot yetkazgan, ularning 35 tasi davlat siri deb topilgan.

Kaliningrad blokadasi xavfi: Rossiya ikkita temiryo‘l paromi quradi

Kaliningrad blokadasi xavfi: Rossiya ikkita temiryo‘l paromi quradi

Ushbu chora Kaliningrad viloyatini transport blokadasidan himoya qilish va uning uzluksiz ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tojikiston Xalqaro jinoyat sudidan chiqmoqda: BMTga bildirishnoma yuborildi

Tojikiston Xalqaro jinoyat sudidan chiqmoqda: BMTga bildirishnoma yuborildi

Mamlakat 2027-yil noyabridan statut ishtirokchisi bo‘lmaydi.

Yangi Konstitutsiya rad etilsa, Pashinyan bosh vazirlikdan ketadi

Yangi Konstitutsiya rad etilsa, Pashinyan bosh vazirlikdan ketadi

Armaniston bosh vaziri referendum natijasiga qarab iste’foga chiqishi yoki tinchlik jarayonini yakunlash ustida ishlashda davom etishini ma’lum qildi.

Tramp Eron hujumlari kuchayganini aytdi: barcha raketa va dronlar urib tushirilgan

Tramp Eron hujumlari kuchayganini aytdi: barcha raketa va dronlar urib tushirilgan

AQSh prezidenti hujumlar kuchayganini AQShdagi oraliq saylovlarda demokratlar g‘alaba qozongani bilan bog‘ladi.

Qirg‘izistondagi qurilish obyektida yong‘in: ikki nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Qirg‘izistondagi qurilish obyektida yong‘in: ikki nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Yana bir nafar fuqaro esa reanimatsiyaga yotqizilgan.

1983-yilgi rekord takrorlanishi mumkin: suv toshqini xavfi e’lon qilindi

1983-yilgi rekord takrorlanishi mumkin: suv toshqini xavfi e’lon qilindi

San-Fransiskoda suv sathi 262 santimetrgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.