Istanbulda noqulay ob-havo: 18 ta samolyot boshqa aeroportlarga qo‘ndi
Noqulay ob-havo sharoiti, xususan, kuchli rivojlangan kumulonimbus bulutlari samolyotlarning xavfsiz qo‘nishiga to‘sqinlik qilgan.

Turkiyaning Istanbul shahrida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti sababli Sabixa Gyokchen xalqaro aeroportiga qo‘nishi rejalashtirilgan 18 ta samolyot boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yil 23 noyabr kuni kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq va chaqmoqlar havo qatnoviga salbiy taʼsir ko‘rsatgan.
Soat 22:00 holatiga ko‘ra, boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan samolyotlarning 12 tasi Istanbul xalqaro aeroportiga, uchtasi Anqaraga, ikkitasi Konyaga va bittasi Qayseri aeroportiga qo‘ngan.
Noqulay ob-havo sharoiti, xususan, kuchli rivojlangan kumulonimbus bulutlari samolyotlarning xavfsiz qo‘nishiga to‘sqinlik qilgan. Shu bois uchuvchilar xavfsizlik nuqtai nazaridan parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, keyingi vaqtlarda boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan samolyotlar soni yana-da ko‘paygan.
Hodisa Pegasus Airlines va AJet aviakompaniyalari reyslariga ham taʼsir ko‘rsatgan.
Aviatsiya sohasi mutaxassislari bunday vaziyatlarda samolyotlarni zaxira aeroportlariga yo‘naltirish yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligini taʼminlashning muhim choralaridan biri ekanini taʼkidlaydi.








