Rossiyaliklarga Shengen vizasi olish qiyinlashishi mumkin: harbiy guvohnoma ham so‘raladi
Rossiya armiyasi yoki unga aloqador qurolli guruhlarda xizmat qilgan shaxslar uchun kirish taqiqlanishi mumkin.

Yangi tavsiyalarga ko‘ra, viza olish uchun ariza topshirayotgan Rossiya fuqarolaridan harbiy guvohnoma va harbiy xizmatga oid ma’lumotlar talab qilinadi.
Yevropa Komissiyasi Rossiya fuqarolariga viza berish tartibi bo‘yicha yangilangan tavsiyalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari arizachilardan harbiy guvohnoma taqdim etish, harbiy xizmat haqidagi so‘rovnomani to‘ldirish hamda ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi deklaratsiyani imzolashni so‘rashi mumkin.
Kuchaytirilgan tekshiruvlar 2022-yil 24-fevraldan buyon Rossiya Qurolli Kuchlari yoki unga aloqador qurolli guruhlarda xizmat qilgan, shuningdek, jangovar harakatlarda bevosita qatnashgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Komissiya bunday shaxslarning Yevropa Ittifoqiga kirishini to‘liq taqiqlashni ham taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi a’zo davlatlarga biometrik bo‘lmagan eski namunadagi Rossiya pasportlarini tan olishni to‘xtatishni tavsiya qilgan.
Shengen hududiga kirishni istagan barcha Rossiya fuqarolari kelib chiqishidan qat’i nazar, individual tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Bu jarayonda suhbatlar va Shengen axborot tizimi orqali barmoq izlarini tekshirish ham nazarda tutilgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarida ham nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda.








