Xitoyda josuslik ishi: davlat sirlarini sotgan amaldor o‘limga hukm qilindi
Amaldor xorijiy davlatga 100 dan ortiq ma'lumot yetkazgan, ularning 35 tasi davlat siri deb topilgan.

Xitoyda davlat sirlarini xorijiy davlatga uzatgan markaziy apparat amaldori o‘lim jazosiga hukm qilindi. U xorijiy razvedka xizmati bilan hamkorlik qilib, 100 dan ortiq maxfiy ma’lumotni yetkazgan. Bu haqda Xitoy Davlat sirlarini himoya qilish milliy ma’muriyati nazoratidagi Baomiguan akkauntida xabar berildi, deb yozdi Reuters.
Xabarga ko‘ra, faqat Ma familiyasi bilan tanishtirilgan amaldor xorijda xizmat qilgan vaqtida chet el razvedka xizmati tomonidan yollangan. Xitoyga qaytganidan so‘ng u o‘ziga topshiriq bergan shaxs ko‘rsatmasi bilan 100 dan ortiq razvedka ma’lumotini yuborgan. Ularning 35 tasi keyinchalik davlat siri deb topilgan. Buning evaziga Ma 1 million yuandan (150 ming dollar) ortiq pul olgan.
Nomi oshkor etilmagan sud amaldorni o‘lim jazosiga hukm qilish bilan birga, uning barcha shaxsiy mol-mulkini musodara etishga qaror qilgan. Biroq uning qachon hibsga olingani, hukm qachon chiqarilgani va qatl etilgan-etilmagani haqida ma’lumot berilmagan.
Shuningdek, Ma qaysi tashkilotda ishlagani va qaysi xorijiy razvedka idorasi bilan hamkorlik qilgani ham ochiqlanmagan. Reuters agentligi ushbu xabardagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
Qayd etilishicha, Xitoy Davlat xavfsizligi vazirligi va davlat sirlarini himoya qilish organlari so‘nggi yillarda amaldorlarni xorijiy razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilmaslik haqida ogohlantirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda. Bunday josuslik ishlari ko‘pincha qamoq jazosi, ayrim hollarda esa o‘lim jazosi bilan yakunlanadi.
Ma’lumot uchun, 2025 va 2026-yillarda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Xitoy byurokratik apparati va harbiy tuzilmalari vakillarini hamkorlikka jalb qilishga qaratilgan videolarni e’lon qilgan. Pekin bu harakatlarni AQShning boshqa davlatlar sirlarini qo‘lga kiritishga urinishlari sifatida baholagan.








