Rossiya TIVga O‘zbekistondan nota yuborildi
Moskvada OMON xodimlari migrantlarni urib-tepkilagandi.

O‘zbekiston elchixonasi Rossiya TIVga mehnat migrantlarining huquqlari buzilgani munosabati bilan nota yubordi.
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskvadagi reydlar chog‘ida chet el fuqarolariga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani haqidagi xabarlarga izoh so‘rab Rossiya tashqi idorasiga nota yubordi”, — deya maʼlum qildi TIV matbuot kotibi Axror Burxanov.
Xabar berilishicha, 10 iyun kuni vazirlikda Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etilgan. Unda TIV RF hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotganini taʼkidlagan.
Bir kun avval Moskvada OMON xodimlari Mudofaa vazirligining Strogino tumanidagi muassasalaridan birida joylashgan mehnat muhojirlari yotoqxonasida qattiq reyd o‘tkazgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari ularga qo‘pol munosabatda bo‘lgan: erkaklarni xonalaridan haydab chiqargan, sekin harakat qilganlarni esa tepki va shapaloq bilan turtib chiqargan. Yozuvda muhojirlarga nisbatan ishlatilgan haqoratli so‘zlarni ham eshitish mumkin.







