Husiylar Ar-Riyoddagi moliyaviy markazga hujum qildi: 11 kishi jarohatlandi
Jarohatlanganlar orasida xorijliklar ham bor.

Yamanlik husiy isyonchilarining Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi moliyaviy markaz binolaridan biriga uyushtirgan hujumi oqibatida 11 kishi jarohatlandi. Bu haqda Saudiya Arabistoni SPA axborot agentligi xabar berdi.
Jarohatlanganlar orasida ikki nafar Saudiya Arabistoni fuqarosi, to‘rt nafar misrlik, ikki nafar hindistonlik va uch nafar nepallik bor. Ularning sog‘lig‘i holati haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Arab News nashrining yozishicha, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Ar-Riyod moliyaviy tumanidagi osmono‘par binoga qilingan hujumni terrorchilik harakati deb baholagan.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar 2014-yil sentabrida Yaman poytaxti Sana shahrini egallab olgan. Shundan buyon ular Yaman hukumati nazoratidagi hududlarga, shuningdek, Saudiya Arabistoniga raketa va dronlar orqali muntazam hujumlar uyushtirib keladi.
Avvalgi hujumlardan birida Ar-Riyoddagi Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi bosh qarorgohi joylashgan osmono‘par bino ham zarar ko‘rgani xabar qilingan.







