AQSh Eronda rahbariyatni nishonga olish masalasini muhokama qilmoqda — NBC
Tramp ma’muriyatida bu masalada kelishmovchilik bor: ayrimlar zarbalarni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar tinchlik muzokaralariga zarar yetishidan xavotirda.

AQSh ma’muriyati Eronga qarshi navbatdagi zarbalar doirasida mamlakat siyosiy rahbariyatining ayrim vakillarini nishonga olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda NBC News AQSh rasmiysi va muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati vakillari bu masalada ikki guruhga bo‘lingan. Zarba berish tarafdorlari bunday harakatlar prezidentga mojaroni yakunlash imkonini berishi mumkin deb hisoblaydi. Bunga qarshilar esa Eron rahbariyatining o‘ldirilishi Tehron pozitsiyasini yanada keskinlashtirishi va tinchlik muzokaralariga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
AQSh harbiy rahbariyati ham bunday hujumlar ortidan Amerika rasmiylariga nisbatan xavfsizlik tahdidlari kuchayishi mumkinligini bildirgan. Manbalarga ko‘ra, Tramp hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan.
Eron va AQSh o‘rtasidagi mojaro fevral oyi oxirida boshlangan. Urushning dastlabki kunida AQSh va Isroilning havo hujumlari oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lgan. Mart oyida uning o‘g‘li Mojtabo Xomanaiy voris etib tayinlangan.
NBC manbalarining ta’kidlashicha, Eron rahbarlarini nishonga olish imkoniyati avvaldan muhokama qilingan, biroq so‘nggi haftalarda urushni tugatish yo‘llarini izlash jarayonida bu masala yuzasidan munozaralar kuchaygan.







