O‘zbekiston YTTBdan sug‘orish uchun qarz oladi
Qarz miqdori 250 millionni tashkil qiladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistonda 110 ta sug‘orish nasos stansiyasini modernizatsiya qilish uchun 250 million dollargacha suveren kredit ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Bitim Toshkent xalqaro investitsiya forumida imzolangan. Suveren kredit — davlat zimmasidagi qarz hisoblanadi.
Loyiha 10 ta hududni qamrab oladi va milliy sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish dasturiga xizmat qiladi. Natijada yiliga 251 ming MWh elektr tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid miqdori 117 ming tonnaga kamayadi. Nasos stansiyalariga quyosh panellari ham o‘rnatiladi.
Hozirda YTTBning O‘zbekistondagi portfeli 5,6 mlrd yevrodan oshiq bo‘lib, 181 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Mablag‘larning aksariyati xususiy sektorga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston besh yildirki, YTTB investitsiyalarining mintaqadagi eng yirik yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.







