Xitoyda bemorga miya chipi muvaffaqiyatli joylashtirildi
Miya implantatsiyasi ilk bor AQShda o'tkazilgan edi.

Xitoylik olimlar inson va texnologiya chegarasini yana bir pog‘onaga ko‘tardilar: mart oyida butun oyoq-qo‘lidan ayrilgan bemorga ilk bor miya chipi implantatsiyasi qilindi. Oradan bir necha hafta o‘tgach, bemor o‘z fikr kuchi bilan kompyuterni boshqara oldi. U hatto poyga simulyatorlari va shaxmat o‘ynagan.
Ushbu aqlbovar qilmas texnologiya Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi CEBSIT markazi va Fudan universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan. U butunlay simsiz bo‘lib, inson miyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnata oladigan invaziv BCI (brain-computer interface) tizimidir.
Eng qizig‘i — bu chip dunyodagi eng kichik miya implantlaridan biri hisoblanadi: diametri atigi 26 mm, qalinligi esa 6 mm dan ham kam. U juda moslashuvchan bo‘lgani uchun, ishlab chiquvchilarning aytishicha, miya uni “begona jism” deb qabul qilmaydi — ya’ni, organizm deyarli uni sezmaydi. Bu jihat amerikalik Neuralink tizimidan 100 baravar ustun deb baholanmoqda.
Xitoy bu borada AQShdan keyingi ikkinchi mamlakatga aylandi. Shu bilan birga, texnologiyani 2028-yilgacha ommaga taqdim etish, ya’ni tijoratlashtirish rejalashtirilgan.
Endi esa loyiha keyingi bosqichga o‘tmoqda: bemorni fikr orqali robot qo‘lni boshqarishga o‘rgatish maqsad qilinmoqda. Ya’ni, inson o‘z organizmidan ayrilgan hollarda ham turli ishlarni ong kuchi bilan bajara oladigan zamon yaqinlashmoqda.
Bu orada, AQShda Ilon Mask asos solgan Neuralink kompaniyasi ham miya implantlari ustida ishlashda davom etmoqda. Ular ilk chipni 2024-yil boshida inson miyasiga joylashtirgan, hozirgacha uch bemorda sinov o‘tkazgan. Kompaniya yaqinda ko‘zi ojizlar uchun ham yangi chip sinovlarini boshlashini e’lon qildi va 650 million dollarlik sarmoya jalb qildi.







