Lifestyle

Ko‘zi ojizlar uchun AI navigator yaratildi

Yangi navigator ko‘rish nogironligi borlar uchun mustaqil harakatlanishni osonlashtiradi.

Ko‘zi ojizlar uchun AI navigator yaratildi

 

Rossiyaning Novosibirsk davlat texnika universiteti (NSTU) olimlari ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlarga yordam beradigan innovatsion sun’iy intellektli navigator ishlab chiqdi. Bu tizim insonlarga atrof-muhitdagi to‘siqlarni aniqlash va xavfsiz harakatlanishda ko‘maklashadi.

 

Yangi qurilmaning asosiy afzalligi – oflayn rejimda ishlashidir. Ya’ni, foydalanuvchiga faqat oddiy telefon kifoya qiladi: ilovani yuklab olish, kamerani yoqish va telefonni ko‘krak sohasiga mahkamlash kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng, neyron tarmoq real vaqt rejimida kamera orqali kelayotgan tasvirlarni tahlil qilib, foydalanuvchini atrofdagi xavfli ob’ektlar haqida ovozli xabarnoma orqali ogohlantiradi.

 

Loyiha muallifi Yegor Avdeev tushuntirganidek, tizim har bir kadrni 300 millisekundda tahlil qiladi va foydalanuvchini ortiqcha ma’lumot bilan charchatmasdan, aynan 5 metr radiusdagi muhim to‘siqlar haqida ogohlantiradi. Bunga mashinalar, eshiklar yoki boshqa harakatga xalaqit beruvchi obyektlar kiradi.

 

Sun’iy intellekt konvolyutsion neyron tarmoq asosida yaratilgan bo‘lib, uni ishlab chiquvchilar maxsus belgilangan ma’lumotlar to‘plami asosida o‘qitishgan. Bu qurilma xorijiy alternativlardan farqli o‘laroq:

 

  • Internet aloqasisiz ishlaydi (oflayn rejim)
  • Reklamasiz va pullik obuna talab qilmaydi,
  • Oddiy smartfon yordamida foydalanish mumkin.

 

Loyihani ishlab chiquvchilar kelgusida tizimga belgilarni tanish (OCR) funksiyasi va xaritalash servislarini integratsiya qilish orqali optimal yo‘nalishlarni qurish imkoniyatini qo‘shishni rejalashtirishmoqda.

 

Prototipning real shahar muhitida ko‘zi ojiz ko‘ngillilar ishtirokida o‘tkazilgan sinovlari yangi navigatorning amaliy samaradorligini isbotladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"