Quyoshda ko‘zoynaksiz yurish ko‘rish qobiliyatini pasaytiradi
Oftalmolog quyoshdan himoyalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi.

Yorqin quyosh ostida ko‘zlarni ultrabinafsha nurlanishdan himoya qilmaslik ko‘rish qobiliyatining sezilarli darajada yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Bu haqda rus oftalmologi Svetlana Mirgorodskaya ma’lum qildi.
“Quyoshda ko‘zoynaksiz butunlay ko‘r bo‘lib qolish ehtimoli past, ammo ko‘zning to‘qimalari, xususan, retina va pigment epiteliysiga zarar yetishi mumkin. Bu esa doimiy yoki qaytarilmas ko‘rish muammolariga olib keladi”, — deydi mutaxassis.
Quyosh tutilishiga ko‘zlarni himoya qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarash ayniqsa xavfli hisoblanadi. Oftalmologning aytishicha, aynan shunday holatlarda ko‘z shikoyatlari bilan shifokorga murojaatlar soni keskin ortadi.
Mirgorodskaya ultrabinafsha (UV) nurlarining uch turi haqida ham ma’lumot berdi:
- C-nurlar: atmosferaning ozon qatlami tomonidan to‘liq yutiladi, xavfsiz.
- B-nurlar: kon’yunktiva va shox parda kuyishiga olib kelishi, pterigium va keratokonusga sabab bo‘lishi mumkin.
- A-nurlar: ko‘z linzalariga va retina fotoreseptorlariga zarar yetkazadi, katarakta va makula degeneratsiyasini qo‘zg‘atishi mumkin.
Shuning uchun oftalmolog quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak tanlashda UV380–400 belgilamasiga ega bo‘lgan ultrabinafsha filtri mavjudligiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.







