Eron Isroil bilan sulh bitimi imzolanganligi haqidagi ma'lumotlarni rad etdi
Sulh bo‘yicha yozma kelishuv yo‘q, faqat “tajovuzni to‘xtatish” amalga oshirildi.

Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Isroil bilan rasmiy sulh bitimi imzolanganligi haqidagi ma’lumotlarni inkor etdi. Bu haqda TIV rahbari o‘rinbosari Said Xatibzade bayonot berdi deb yozadi Oxu.az nashri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Isroil o‘rtasida hech qanday yozma kelishuv yoki bandlarni o‘z ichiga olgan rasmiy bitim mavjud emas. “Bizda siyonistik rejim bilan hech qanday yozma kelishuv bo‘lmagan. Voqea — sionistlarning tajovuzini to‘xtatishdan iborat bo‘ldi. Bunga parallel ravishda Eron hech qanday hujumlarni amalga oshirmaydi, lekin o‘z tayyorgarligini saqlab qoladi”, — dedi Eron rasmiysi.
Eslatib o‘tamiz, 13-iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan. Oradan bir kun o‘tmasdan Eron javob zarbasini bergan. 22-iyun kuni esa AQSh mojaroga aralashib, Erondagi uchta yadroviy obyektga havo hujumi uyushtirdi. Oradan bir kun o‘tib, 23-iyun kuni kechqurun Eron Qatarda joylashgan AQShning Al-Udeid aviabazasiga raketa zarbasi yo‘lladi.
Garchi 24-iyun kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, Eron tomoni buni rasmiy sulh bitimi sifatida tan olmayapti. Eron faqat Isroilning tajovuzi to‘xtatilgani sababli o‘z javob hujumlarini to‘xtatganini bildirmoqda.








