1983-yilgi rekord takrorlanishi mumkin: suv toshqini xavfi e’lon qilindi
San-Fransiskoda suv sathi 262 santimetrgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

AQShning San-Fransisko shahrida 40 yildan ortiq vaqt ichidagi eng kuchli qirg‘oqbo‘yi suv toshqinlaridan biri yuz berishi mumkin. Milliy ob-havo xizmati suv sathi 1983-yil yanvarida qayd etilgan rekord ko‘rsatkichga yaqinlashishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, suv toshqini xavfi ayniqsa 24–25-noyabr kunlari yuqori bo‘ladi. Zaif qirg‘oqbo‘yi hududlarida suv sathi 85 santimetrgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu ayrim yo‘llarning yopilishi va infratuzilmaga zarar yetishiga olib kelishi ehtimoli bor.
Mutaxassislar San-Fransisko ko‘rfazidagi suv sathi seshanba kuni taxminan 256 santimetrga, chorshanba kuni esa 262 santimetrga yetishini kutmoqda. 1983-yilda qayd etilgan rekord ko‘rsatkich esa qariyb 264 santimetrni tashkil etadi.
Xavfning kuchayishiga suv sathining ko‘tarilishi, bo‘ron ta’sirida dengiz sathining yanada yuqorilashi va dengiz suvining odatdagidan iliq bo‘lishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Kuchli yog‘ingarchilik ham suv toshqinini kuchaytirishi mumkin.
San-Fransisko meri aholini zarur bo‘lmagan safarlardan tiyilishga chaqirdi. Shahar aeroporti ham suv sathi ko‘tarilishi oqibatida xizmat ko‘rsatishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.








