Qandolat fabrikasida yong‘in chiqdi: 24 kishi halok bo'ldi
Hodisa vaqtida korxonada qariyb 300 ishchi bo‘lgan.

Indoneziyaning Yava orolidagi qandolat fabrikasida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayron bo‘lgan binodan 24 ta jasad solingan qopni olib chiqqan. Bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom ettirilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yong‘in 21-noyabr kuni kechqurun Cikanda shahridagi United Family Food kompaniyasiga tegishli PT Fonusa Agung Mulia qandolat fabrikasida sodir bo‘lgan. Korxona bosh direktorining ma’lum qilishicha, hodisa vaqtida zavodning shanba kungi smenasida qariyb 300 kishi ishlayotgan bo‘lgan.
Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisadan jabrlangan 65 nafar ishchidan 24 nafari uyiga qaytgan, to‘rt nafari tibbiy yordam olmoqda. Yana 37 kishi bedarak yo‘qolgan.
Politsiya yong‘in oqibatida jasadlarni tashqi ko‘rinishidan tanib olish imkonsiz bo‘lib qolganini bildirgan. Shu sababli qurbonlarning shaxsini aniqlash uchun DNK namunalari olinmoqda.
Hozirda yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Binoning ayrim qismlari qulash xavfi ostida qolayotgani qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.








