Yangi Konstitutsiya rad etilsa, Pashinyan bosh vazirlikdan ketadi
Armaniston bosh vaziri referendum natijasiga qarab iste’foga chiqishi yoki tinchlik jarayonini yakunlash ustida ishlashda davom etishini ma’lum qildi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning yangi Konstitutsiyasi referendumda rad etilsa, iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda u fuqarolarga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tgan.
Pashinyan parlament muxolifatini referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, hukmron “Fuqarolik shartnomasi” fraksiyasida referendum o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ovozlar yetishmaydi.
Bosh vazirning aytishicha, agar fuqarolar yangi Konstitutsiyaga qarshi ovoz bersa, u lavozimini tark etadi. Hujjat ma’qullangan taqdirda esa Pashinyan navbatdagi — muddatidan oldin yoki rejadagi — parlament saylovlarida bosh vazirlikka nomzodini qo‘ymoqchi emas. U shu vaqtgacha Ozarbayjon bilan tinchlikni institutsional jihatdan mustahkamlash va yakunlashga e’tibor qaratishini bildirgan.
23-noyabr kuni Armanistonda yangi Konstitutsiya loyihasi e’lon qilindi. Uning muqaddimasida mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasiga havola kiritilmagan. Mazkur deklaratsiyada Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘liq qoidalar mavjud.
Avvalroq Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasini imzolash uchun mamlakat Konstitutsiyasidagi hududiy da’volarga oid qoidalarni o‘zgartirish zarurligini aytgan edi.








