O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna halol go‘sht import qiladi
Toshkent va Ulan-Bator o‘rtasida go‘sht yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

27-iyun kuni Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadamba hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2 000 tonna halol ot va qo‘zi go‘shtining ilk partiyasini import qilishga rozilik bildirdi. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, veterinariya nazorati va o‘simliklar karantini sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazir Enxbayar Jadamba Mo‘g‘uliston tomoni halol go‘sht ishlab chiqarish va eksport qilishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirar ekan, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini 100 million AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha rejalarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, tomonlar:
100 ming bosh tirik qo‘y va echki yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi;
eksport boji bo‘yicha imtiyozlar berish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishdi;
karantin, tarif va logistika masalalarida uzluksiz hamkorlik mexanizmlarini joriy etishga qaror qildi.
Qayd etilishicha, Mo‘g‘uliston 2024-yilga qadar O‘zbekistonga 7 ming bosh tirik qo‘y eksport qilgan, transport masalalari esa O‘zbekiston tomonidan hal etilgan.
Bundan tashqari, tomonlar charm, jun va kashmir mahsulotlari bo‘yicha savdoni rivojlantirish, shuningdek, meva-sabzavot va yengil sanoat sohalarida tajriba almashish borasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.







