Iqlim o‘zgarishi sabab yo'qolib borayotgan shaharlar
2100-yilgacha qaysi shaharlar suv ostida qoladi?

Iqlim o‘zgarishi hozirgi zamonning eng og‘ir muammolaridan biriga aylanib ulgurgan. Dunyodagi ko‘plab shaharlar ekstremal ob-havo hodisalari — suv toshqinlari, qum bo‘ronlari va yong‘inlar sabab yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga kelmoqda. Har yili bu xavf ostidagi aholi punktlari soni ortib bormoqda.
Afrika: Qadimiy shaharlar qum ostida qolmoqda
Mavritaniyadagi YuNESKO merosiga kiruvchi Oualata shahri qum bilan to‘lib bormoqda. Ilgari islom ta’limining markazi bo‘lgan bu qadimiy shaharni kuchli yomg‘irlar vayron qilgan, aholining 60 foizi esa uylarini tark etgan. Sahroi Kabir esa yiliga 48 km ga kengayib, Chinguetti kabi boshqa tarixiy shaharlarni ham tahdid ostiga qo‘ymoqda.
Osiyo va Amerika: Suv ostiga cho‘kayotgan megapolis
Nyu-York, Jakarta, Iskandariya, Mayami, Lagos kabi yirik shaharlar dengiz sathining ko‘tarilishi bilan yuzlashmoqda. Mutaxassislar 2100-yilga borib suv sathi kamida 30 sm ga ko‘tarilishini, Lagosning esa 80 foiz qismi 2080-yilga kelib suv ostida qolishini taxmin qilishmoqda.
Yevropa: Muzliklar erib, qishloqlarni yutmoqda
2025-yilda Shveytsariyadagi Alp tog‘larida joylashgan Blatten qishlog‘i muzliklarning erishi natijasida jiddiy zarar ko‘rdi. Muzlab yotgan tuproq (permafrost) erib borayotgan Arktika mintaqasida esa Rossiyaning Noyabrsk, Nadim kabi shaharlari barqarorligini yo‘qotmoqda. Olimlar bu hududlardagi binolarning 70 foizigacha xavf ostida qolishini taxmin qilmoqda.
AQShning Texas, Kaliforniya va Oklaxoma shtatlarida keng ko‘lamli yong‘inlar yuzlab aholi punktlarini yo‘qqa chiqarmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib dunyo bo‘ylab yiliga o‘rtacha 560 ta tabiiy ofat ro‘y berishi kutilmoqda.







