Sho‘rva ko‘pigini olib tashlash kerakmi? Yoki foydasi bormi?
Mutaxassislar bu haqda izoh berishdi.

Sho‘rva pishirish jarayonida yuzasida hosil bo‘ladigan ko‘pik ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayrimlar uni zararli deb hisoblashsa, boshqalar bu fikrga qo‘shilmaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sho‘rva yuzasida paydo bo‘ladigan ko‘pik asosan ivigan oqsillar (masalan, albumin va mioglobin), yog‘ zarrachalari va go‘shtdagi tabiiy aralashmalardan iborat.
Ilmiy jihatdan bu ko‘pikda antibiotiklar yoki zararli moddalar to‘planishi isbotlanmagan. Shu bois uni sog‘liq uchun xavfli deb hisoblashga asos yo‘q.
Biroq ko‘pchilik oshpazlar ko‘pikni olib tashlashni tavsiya etishadi — ayniqsa sho‘rva tiniq bo‘lishi istalsa. Aks holda, u biroz xiralashishi mumkin, lekin foydali moddalar – kollagen, aminokislotalar va minerallar – baribir suyuqlikning o‘zida saqlanib qoladi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, sho‘rva ko‘pigini olib tashlash yoki tashlamaslik sog‘liq emas, balki taom ko‘rinishi va ta’bga bog‘liq qarordir.








