Botir Qodirov yana jarimaga tortildi
Bu safar jarima miqdori ancha yuqori.

Xonanda Botir Qodirov mualliflik huquqini buzganligi uchun shoir Shamsiddin Sadoiyga jami 132 million so‘m miqdorida tovon puli va maʼnaviy zarar to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqida Intellektual mulk agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilshicha, iyun oyida shoir Shamsiddin To‘rayev tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, yaʼni mualliflik huquqi buzilishi natijasida yetkazilgan maʼnaviy zarar va tovon puli (kompensatsiya) undirish to‘g‘risidagi daʼvo arizasi kiritilgan.
Mazkur daʼvo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Botir Qodirovdan daʼvogar To‘rayev Shamsiddin Xo‘jayevichning foydasiga BHMning 300 barobari, yaʼni 112.500.000 so‘m miqdorida tovon puli hamda 20.000.000 so‘m maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.
“Javobgar Botir Qodirov zimmasiga daʼvogar Shamsiddin To‘rayevga muallifligidagi “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli qo‘shiqlar ijrosini efirga uzatish, barcha ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, O‘zbekiston Respublikasidagi barcha davlat va nodavlat teleradiokanallarda, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarda har qanday tarzda foydalanishni darhol to‘xtatish (qatʼiy taqiqlash) majburiyati yuklatildi”, deyiladi xabarda.







