OTMlarning magistratura bosqichiga qabul boshlandi
Tanlovlarda belgilangan talab darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining 2025/26-o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Nomzodlar my.edu.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘lib, qabul 30-iyul (shu kuni ham) yakunlanadi. Magistraturaga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan milliy yoki xalqaro darajadagi til va kasbiy bilim sertifikati talab etiladi.
Magistraturaga kirish tanlovida faqat belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lganlar ishtirok etishi mumkin. Talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida jarayon to‘liq onlayn tarzda tashkil etilgan.
Avvalroq, 2025/26-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining bakalavriat bosqichiga onlayn ro‘yxatga olish yakunlangani ma’lum qilingandi. Unda 732 411 nafar abituriyent ishtirok etgan bo‘lib, bu so‘nggi 7 yildagi eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.







