Toshkentda quvur portlashi oqibatida 3 kishi jarohatlandi
Bir nechta mashinalarga ham shikast yetgan, lekin bu borada rasmiy maʼlumot berilgani yo‘q.

Bugun, 10 iyul Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Farobiy ko‘chasidan o‘tgan D-800 mm.li issiqlik taʼminoti quvurida bosim ostida suv quvurining yorilishi hodisasi sodir bo‘lgan edi.
Holat bo'yicha FVB qo'shimcha ma'lumot e'lon qildi. Aniqlanishicha, ushbu holat rejaviy tadbir asosida o‘tkazilgan kommunal tarmoqdagi issiq suv tarmog‘ini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan.
Hozirda issiqlik suv quvuridagi ushbu hodisa kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilib, nosozlik oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, SSB va kommunal soha tashkilotlari masʼullari hamda kuch va vositalari jalb qilingan.
Hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Ularni shifoxonaga olib borishga ehtiyoj bo‘lmaganligi sababli, o‘z uylariga ruxsat berilgan.







