AQSh Ukrainaga Patriot raketalarini yetkazib beradi
AQSh prezidenti Rossiya bilan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Kiyevga zamonaviy qurollar yuborilishini e’lon qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Patriot havo mudofaasi tizimlari yetkazib berilishini ma’lum qildi. Bu qaror Rossiyaning urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishi ortidan qabul qilindi. Trampning aytishicha, “Putin kunduzlari yaxshi gapiradi, lekin kechasi bombalashni davom ettiradi”.
Tramp Patriot raketalarining aniq miqdorini ochiqlamadi, biroq Ukrainaga zamonaviy harbiy texnika yuborilishini tasdiqladi. Shuningdek, u bu qurollar uchun to‘lovni Yevropa Ittifoqi amalga oshirishini bildirdi. “Ular to‘liq to‘lashadi, biz aynan shuni xohlaymiz”, dedi Tramp.
Bu bayonot Trampning Ukraina bo‘yicha siyosatida burilish yasadi. Prezident ilgari Kiyevga yangi qurol yetkazib berishdan bosh tortib kelayotgandi, biroq Rossiya bilan tinchlik muzokaralari samarasiz yakunlangach, pozitsiyasini o‘zgartirdi. Tramp yaqinda “mudofaa qurollari” yuborishni boshlashini e’lon qilgandi.
Tramp shu hafta NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan uchrashadi. Uchrashuvda Kiyevga qurol yetkazib berish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Kongressda ham Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va boj stavkalarini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.







