“Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumi boshlandi
G‘olib bo‘lgan 823 ta mahalla bu mavsum va kelgusi mavsumda qatnashmaydi.

15-iyuldan O‘zbekiston bo‘ylab “Tashabbusli byudjet”ning 2025-yilgi ikkinchi mavsumi boshlandi. Fuqarolar 3-avgustgacha openbudget.uz portali orqali o‘z loyihalarini taklif qilishi mumkin. Tanlov bosqichlari ketma-ket amalga oshiriladi: loyiha qabul qilishdan so‘ng saralash (4–18 avgust), targ‘ibot (19–21 avgust) va ovoz berish (22–31 avgust). G‘oliblar 1-sentabr — Mustaqillik bayrami kuni e’lon qilinadi.
Bu mavsumda 823 ta mahallaga tanaffus berildi. Sababi, ushbu mahallalar 2024-yilgi 2-mavsum va 2025-yilgi 1-mavsumda ketma-ket g‘olib bo‘lgan. Endi ular joriy mavsum va 2026-yilning birinchi mavsumida “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etmaydi. To‘liq ro‘yxat openbudget.uz portalida e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Namangan shahri “Dashtbog‘”, Kogon shahri “Nurafshon” va Shumanay tumani “Begjap” mahallalarining loyihalari 2025-yil 1-mavsumda rad etilgani sababli, ular tanaffusdan chiqarilib, bu mavsumda qatnashishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning birinchi mavsumida umumiy qiymati 3,2 trillion so‘mlik 2 369 ta loyiha g‘olib bo‘lgandi. Eng ko‘p ovoz olgan tashabbuslar ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq bo‘lib, jami 964 ta loyiha aynan shu yo‘nalishga to‘g‘ri kelgan.







