Toshkentda ichki ishlar xodimi pora bilan qo‘lga tushdi
Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimi bo'lgan podpolkovnikning 18 ming dollar olgani fosh etilgan.

Toshkent shahrida ichki ishlar organlari tizimida korrupsiya holati aniqlandi. Bu haqda DXX va Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ma’lum qilindi.
Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik unvonidagi U.S. ayblanuvchining qarindoshidan 18 ming AQSh dollari olgani aniqlangan. U.S. Jakasoroy tumani tergov bo‘limida Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi o‘rniga garovga chiqarib yuborishni va’da qilgan.
Ammo va’dasini bajara olmagan podpolkovnik pulning bir qismini qaytarayotgan vaqtida ushlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.







