Yaponiya O‘zbekiston yoshlari uchun ishga joylashish dasturini boshladi
“Onodera User Run” kompaniyasi Mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilmoqda — o‘zbekistonliklar yapon tilini o‘rganib, restoran va parvarish xizmatlarida ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yaponiya hukumati mehnat migrantlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani sababli O‘zbekiston, Hindiston, Shri-Lanka va boshqa Janubiy hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan ishchi kuchini faol jalb etishni rejalashtirmoqda.
Bunga asosiy sabablardan biri – Xitoy va Vetnam kabi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan Yaponiya bozoriga kirayotgan ishchilar sonining sezilarli darajada qisqarganidir.
Mazkur jarayon doirasida yaponiyalik “Onodera User Run” kompaniyasi O‘zbekiston Mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu hamkorlik asosida yurtimiz yoshlari yapon tilini chuqur o‘rganib, til imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgach, Yaponiya bozorida ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur doirasida har yili taxminan 200 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni restoran sohasi hamda qariyalar uylarida parvarish xizmatlariga tayyorlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Yaponiya ish bozoriga tayyorgarlik ko‘rish istagidagi yoshlar uchun uchta yapon tili o‘quv markazi ochildi. Ushbu markazlar Yaponiya va xalqaro ishchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi kompaniya tomonidan tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Yaponiyada bor-yo‘g‘i 346 nafar o‘zbekistonlik ishchi mehnat qilmoqda. Mamlakatdagi demografik o‘zgarishlar va ishchi kuchi tanqisligi fonida, Yaponiya xorijiy ishchilar uchun tobora ochiqlik siyosatini kengaytirmoqda. Biroq bu borada Janubiy Koreya va Tayvan bilan kuchli raqobat mavjud bo‘lib, bu davlatlar ham ish haqlarini oshirish orqali xorijlik mutaxassislarni jalb qilishmoqda.







