Yerdagi eng katta Mars bo‘lagi auksionda sotildi
U 2023 yili Sahroyi Kabir cho‘lidan topilgandi.

Yer yuzidan topilgan eng katta Mars meteoriti Sothebyʼs kimoshdi savdosida besh million dollardan ko‘proqqa sotildi. Bu haqida savdo uyining internetdagi sahifasida xabar berildi.
Lotning yakuniy narxi 4,3 million dollarni tashkil etgan, biroq har xil to‘lov va xarajatlarni hisobga olgan holda, xaridor buning uchun taxminan 5,3 million dollar to‘lagan. Hisob-kitoblar ikki milliondan to‘rt million dollargacha bo‘lgandi.
Maʼlumot uchun, NWA 16788 deb nomlangan meteorit 2023 yil noyabr oyida Nigerdagi Sahroyi Kabir cho‘lida topilgan. Meteoritning og‘irligi 24,67 kilogrammni tashkil etadi, bu Yerda topilgan keyingi eng yirik Mars bo‘lagidan taxminan 70 foizga kattaroq.
Kimoshdi savdo uyida sotilishidan oldin meteorit Rimdagi Italiya kosmik agentligida va Toskanadagi shaxsiy galereyada omma oldida namoyish etilgan.







