Britaniya, Germaniya va Fransiya Yevropada yangi mudofaa ittifoqini tuzmoqda
Yevropa davlatlari NATOdan mustaqil ravishda yangi mudofaa blokini shakllantirishga kirishdi.

Yaqinda Britaniya, Germaniya va Fransiya o‘zaro aloqalarini mustahkamlab, NATOdan tashqari yangi mudofaa hamkorligini yo‘lga qo‘ymoqda. Defence Express xabariga ko‘ra, o‘tgan hafta Britaniya bir vaqtning o‘zida Germaniya va Fransiya bilan ikki muhim mudofaa shartnomasini imzoladi.
Britaniya va Germaniya hujum sodir bo‘lsa, o‘zaro yordam berishni kafolatlaydi. Bu hamkorlik NATOning 5-moddasi mavjud bo‘lsa-da, alohida himoya mexanizmi sifatida shakllanmoqda.
Bundan tashqari, Britaniya va Fransiya yadroviy kuchlarni muvofiqlashtirish va uzoq masofali raketalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xususan, ular mavjud Storm Shadow raketasini modernizatsiya qilib, 2000 km masofagacha yetadigan yangi raketalar yaratishni rejalashtirmoqda.
Ushbu yangi harakatlar Yevropada xavfsizlik bo‘yicha “yangi Antanta”ni shakllantirishga o‘xshaydi. Ekspertlar buni AQShning ishonchliligi borasidagi shubhalar va Rossiyadan kelayotgan tahdidlar kuchaygani bilan bog‘lamoqda.







