Navoiy viloyatini changsimon tutun qopladi
“Navoiyazot” hodisaga korxonaning aloqasi yo'qligini aytmoqda.

2025-yil 19-iyul kuni ertalab Navoiy shahri hududida changsimon tutun kuzatildi. Xuddi shunday holat 13-iyul kuni ham sodir bo‘lgan edi. Aholi orasida mazkur vaziyat “Navoiyazot” AJ faoliyati bilan bog‘liq degan asoslanmagan fikrlar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan “Navoiyazot” AJ quyidagilarni rasman ma’lum qiladi:
Korxona tomonidan atmosferaga chiqariladigan moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan oshmasligi qat’iy nazorat qilinmoqda. Jumladan:
3-, 23- va 25-sexlarga 3 dona avtomatik gaz analizator,
jamiyat sanatoriy-profilaktoriy va boshqaruv binosi hududiga 2 ta statsionar monitoring posti o‘rnatilgan.
Bu maqsadlar uchun korxona mablag‘i hisobidan 6 milliard 186 million so‘m sarflangan.
Shuningdek, atmosfera ifloslanishini oldini olish uchun:
3-sexga 1 ta,
23-sexga 4 ta skrubber (tutun ushlovchi qurilma) o‘rnatilgan.
Korxona hududi va uning atrofidagi ekologik holatni doimiy nazorat qilish maqsadida 500 dan ortiq zamonaviy kuzatuv kameralari ishlamoqda. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi keng burchakli kuzatuv kameralarining tasvirlariga ko‘ra, 13 va 19-iyul kunlari kuzatilgan tutun oqimi korxona faoliyati bilan bog‘liq emas.
Tahlillarga ko‘ra, tutun G‘arbiy hududdan, ya’ni Navoiy xalqaro aeroporti tomonidan shamol orqali harakatlanib, korxona usti orqali shaharga tarqalgan.







