Eronda suv va energiya tejash maqsadida qo‘shimcha dam olish kuni e’lon qilindi
Issiq iqlim sharoiti Eronning energetika zaxiralariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilmoqda.

Eronning Tehron shahrida 23 iyul, chorshanba kuni hukumat tomonidan qo‘shimcha dam olish kuni deb e’lon qilindi. Bu qaror haddan tashqari havoning issiqligi, suv hamda elektr energiyasini tejash zarurati sabab qabul qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu dam olish vaqtida aholi xavfsizlik choralariga rioya etgan holda oila a’zolari bilan vaqt o‘tkazishi yoki qisqa sayohat qilishi mumkin.
Hukumat rasmiysi Fotime Mohajeraning ta’kidlashicha, bu qaror energetika tizimiga ortiqcha bosim tushmasligi va aholi salomatligini himoya qilish uchun qabul qilingan. Shu munosabat bilan hukumat barcha fuqarolardan elektr energiyasini tejashni so‘ragan.
AccuWeather ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron shahrida dushanba va seshanba kunlari havo harorati 41 darajagacha, chorshanba kuni esa 39 darajagacha isiydi. Hafta oxirigacha Tehronda havo harorati kunduzi 40 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, mamlakatning Mashhad shahrida ham harorat 38 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Eronda bunday iqlim sharoiti so‘nggi yillarda tez-tez kuzatilmoqda va bu energetik zaxiralarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.







