NATO Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi haqida ogohlantirdi
Bu vaziyat Rossiyani ham NATOga qarshi choralar ko‘rishga undashi mumkin.

NATO bosh kotibi Mark Rutte Fox News telekanaliga bergan intervyusida Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi global xavfsizlik uchun jiddiy tahdid tug‘dirishini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday holat Rossiyani ham NATOga qarshi keskin harakatlarga undashi mumkin.
Mark Rutte intervyusida Shimoliy Koreya, Xitoy va Eron Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini qayd etdi. Bu davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar mintaqaviy va global xavfsizlik muammolarini yanada keskinlashtirishi mumkin, deydi bosh kotib.
Pentagon aprel oyida e’lon qilgan hisobotda Xitoy 2027 yilgacha Tayvanga bosqin qilishga tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. AQSh razvedka xizmatlari Xitoy harbiylarining so‘nggi yillarda olib borayotgan mashg‘ulotlari va strategik rejalarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shu sababli AQSh va NATO mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni muntazam monitoring qilmoqda.







