“Navoiyazot” changsimon tutun bo‘yicha ayblovlarga javob berdi
“O‘zkimyosanoat” AJ ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar korxona ishtirokisiz o‘tkazilganini ma’lum qildi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati atrof-muhitning ifloslanishi yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirib, ayrim da’volarni asossiz deb atadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, 13–19 va 21-iyul kunlari Navoiy shahrida kuzatilgan changsimon tutun hodisasi bilan korxona faoliyati o‘rtasida bog‘liqlik aniqlanmagan.
"Navoiiyazot" tomonidan havoni monitoring qilish uchun o‘rnatilgan 500 dan ortiq zamonaviy kuzatuv kamerasi orqali aniqlanganidek, tutun manbasi korxona hududidan emas, balki shaharning g‘arbiy qismidan havoga ko‘tarilib, shamol ta’sirida sanoat zonasidan o‘tib butun shaharga tarqalgan.
Shu munosabat bilan, “O‘zkimyosanoat” AJ viloyat ekologiya boshqarmasining 19-iyul kuni “Navoiyazot” laboratoriya mutaxassislari bilan birgalikda havo tahlili o‘tkazilgani haqidagi bayonotini inkor etdi. Korxona ushbu tadbirdan bexabar bo‘lganini, hamkorlikda hech qanday monitoring ishlari olib borilmaganini ma’lum qildi.
Ekologik tahlillar asosida atmosfera tarkibida ammiak va vodorod sulfid miqdori yuqori bo‘lgani aytilgan bo‘lsa-da, kompaniya bunga e’tiroz bildirmoqda. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, 19-iyul ertalab o‘tkazilgan ichki monitoringda ammiak mavjud emasligi qayd etilgan. Bundan tashqari, vodorod sulfid manbasi hisoblangan tiomochevina tsexi esa fevral oyidan buyon ishlamayapti.
Shuningdek, “Navoiyazot” AJsida ko‘mir ishlatilmasligi sababli, karbonat angidrid (uglerod ikki oksidi) ajralib chiqishi ehtimoli ham inkor qilinmoqda.
Atmosfera monitoringi va ifloslantiruvchi tashlamalarni nazorat qilish uchun korxona tomonidan 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga gaz analizatorlari va statsionar nazorat postlari o‘rnatilgani, chang va gaz ajralishining oldini olish uchun esa bir nechta tsexga zamonaviy tozalash uskunalari — skrubberlar joylashtirilgani ma’lum qilindi.







