Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi yana uchta medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekistonlik sportchilar Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarining navbatdagi bahslarida aralash jang sanʼati va ushu yo‘nalishlarida uchta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Aichi-Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarida medallar jamg‘arishni davom ettirmoqda. Aralash jang sanʼatining modern yo‘nalishida -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Firdavs Atamuradov finalda tojikistonlik Mirzobek Umarovga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, u Osiyo o‘yinlarini ikkinchi o‘rinda yakunladi. Avvalroq Firdavs yarim finalda qirg‘izistonlik Dastan Kanibek Uuluni 2:0 hisobida mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.
Ushu bo‘yicha ko‘rgazmali chiqish dasturida qatnashgan Darya Latisheva esa 19,413 ball jamg‘arib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bu sportchining Osiyo o‘yinlaridagi uchinchi medali hisoblanadi.
Aralash jang sanʼatining anʼanaviy yo‘nalishida -60 kg vazn toifasida qatnashgan Hilola Sobirova ham finalgacha yetib borib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. U hal qiluvchi bahsda singapurlik Hui Xun Teoga imkoniyatni boy berdi va musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi kechagi kun yakuniga ko‘ra, Aichi-Nagoya-2026da 4 ta medal — 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza jamg‘argan edi. O‘zbekistonning dastlabki medalini karate bo‘yicha -55 kg vazn toifasida Humoyunmirzo Halimov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, -67 kg vazn toifasida Abdulvahob Rashidov mamlakat delegatsiyasiga ilk oltin medalni taqdim etdi. Aralash jang sanʼatining modern yo‘nalishida -71 kg vaznda ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov esa bronza medal sohibi bo‘ldi.








