Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida kontrabanda tuneli aniqlandi
Neft mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tishga xizmat qilgan ushbu yo‘l orqali xalqaro jinoiy guruh ikki oy davomida faoliyat yuritgan.

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida yonilg‘i-moylash materiallarini noqonuniy olib o‘tish maqsadida qazilgan 450 metr uzunlikdagi yer osti tunneli aniqlandi. Bu haqda Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi (AFM) TASS axborot agentligiga tayanib ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Turkiston viloyati hududida joylashgan tunnel orqali ikki oy davomida neft mahsulotlari kontrabandasi amalga oshirilgan. Prokuratura muvofiqlashtirgan holda AFM, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi hamda O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining qo‘shma tezkor tadbiri natijasida xalqaro jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbir davomida kontrabanda faoliyatida ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlangan. AFM ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu jinoiy sxemada O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan, shuningdek, Qozog‘istonning besh nafar fuqarosi gumonlanuvchi sifatida aniqlangan.
Hozirda tunnel butunlay bartaraf etilgan, jinoyatchilarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.







