Senat chiqindi qarzdorligi sababli elektrga to‘lov qilolmaslik mexanizmiga qarshi chiqdi
Tizimlararo integratsiya yo‘qligi, shartnoma muammolari va axborot noaniqligi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va Ekologiya qo‘mitasi chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari sohasidagi to‘lov intizomi hamda qonunchilik ijrosi yuzasidan mavjud muammolarga e’tibor qaratdi. Qo‘mita mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq savollar bilan murojaat qildi.
Senatga ko‘ra, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga qarashli HET mobil ilovasida aholining chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorliklari ko‘rsatilmayapti. Bu esa elektr energiyasi uchun to‘lovni to‘xtatish mexanizmini shubha ostida qoldirmoqda. Chunki “Toza makon” elektron billing tizimi bilan HET tizimi o‘rtasida to‘liq integratsiya yo‘q, ayrim iste’molchilarda chiqindi xizmati bo‘yicha umuman shartnoma mavjud emas, hisob raqamlarida esa aniqlik yetishmaydi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilgi qonunchilik o‘zgarishlariga binoan, 1-avgustdan boshlab chiqindi xizmati uchun qarzdor iste’molchilar har oyning 5-sanasigacha SMS-xabar oladi. Qarzni 5 kun ichida to‘lamagan taqdirda, elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirish imkoniyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Biroq iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu tartib joriy etilishidan avval zarur texnik va huquqiy asoslar to‘liq ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Shuningdek, Senat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Energetika vazirligidan mavjud nosozliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy takliflar taqdim etishni so‘radi.
Yangi tartib, chiqindi xizmatlaridagi aniq bo‘lmagan qarzdorliklar fonida, aholida e’tiroz va noroziliklarni keltirib chiqaryapti. Senat esa masalaga jiddiy yondashib, tizimlararo uzviy aloqani yo‘lga qo‘yishni talab qilmoqda.







