“Zo‘ravonlik hech qachon tasodif emas”
Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslarga jazo kuchaytirilishini maʼlum qildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga keskin munosabat bildirdi va bu kabi jinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi. U Instagram’dagi sahifasida bu boradagi fikrlarini bayon qilar ekan, insoniylik, adolat va himoya huquqi haqida chuqur mulohazalar bildirdi.
“Men ko‘pincha shu savol ustida o‘ylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani ko‘rmay qoladi? Qachon g‘azab va bezovtalik zo‘ravonlik uchun bahonaga aylanadi? Bola himoya qilishga ‘ulg‘ayib yetishi’ mumkin emas. Himoya uning haqqi sifatida ilk nafasidan boshlab mavjud bo‘lishi kerak — shartsiz, kafolatli tarzda,” — deydi Mirziyoyeva.
So‘nggi oylarda agentlik tomonidan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib esa bu masala yangi, ancha keskin bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu sababli Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi ilgari surilgan.
Shahnoza Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, asosiy maqsad — bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslar hech qanday yengillashtiruvchi holatlargasolishtirilmasdan, eng og‘ir jazo bilan jazolanishini ta’minlash.
Hozirda Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha hamda maktab ta’limi vazirligi vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh tuzilgan. Ushbu guruh quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ishlamoqda:
-
Zo‘ravonlarga nisbatan jazoni kuchaytirish
-
Shafqatsizlik qilgan shaxslarga bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash
-
Javobgarlikni tez va samarali ta’minlash uchun yagona protseduralarni ishlab chiqish
“Zo‘ravonlik — bu hech qachon tasodif emas. Bu — ongli ravishda qabul qilingan xatti-harakatdir. Demak, unga qarshi kurash ham ongli tanlov bo‘lishi kerak. Bu — oqlash emas, bu — muammoni tan olish va uni to‘xtatish tanlovidir,” — deya fikr bildirdi Mirziyoyeva.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yilda bolalar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq quyidagi holatlar qayd etilgan:
-
412 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan
-
1 028 nafar bola jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan
-
929 nafar bola psixologik bosimga uchragan
-
14 nafar bola ekspluatatsiya qilingan
-
106 nafar bola esa mutlaqo e’tiborsiz holga tashlab qo‘yilgan
2025-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va BMT Bolalar jamg‘armasi — YUNISEF hamkorligidagi davra suhbatida O‘zbekiston bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish borasida Milliy majburiyatni e’lon qilgan edi.
Shahnoza Mirziyoyeva ushbu yo‘ldagi sa’y-harakatlar izchil va qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.







