Fransiya Falastin davlatini rasman tan oladi
Makron sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastinni tan olishini bildirgan.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakati sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda u Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga yuborgan rasmiy maktubida bayon qilgan.
Makron ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi: “Yaqin Sharqda adolatli va barqaror tinchlikka sodiq qolgan holda, Fransiya Falastin davlatini tan olishga qaror qildi.”
Uning bayonotida qayd etilishicha, bu tan olish rasman sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida e’lon qilinadi.
Makron Gazzadagi urushni to‘xtatish, asirlarni ozod qilish va mintaqaga insonparvarlik yordami yetkazishni dolzarb masala sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, u Hamasni qurolsizlantirish va Gazza xavfsiz hududga aylanishi zarurligini ta’kidladi. “Falastin davlati barpo etilishi va uning yashovchanligi ta’minlanishi kerak”, — dedi u.
Fransiyaning bu qaroriga AQSh rasmiylari keskin norozilik bildirdi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio X (Twitter) orqali qilgan bayonotida: “Amerika Qo‘shma Shtatlari Emmanuel Makronning Falastinni tan olish rejasini qat’iyan rad etadi”, — dedi.







