Farg‘ona kanali nega ko'pikka to'ldi?
Prokuror topshirig‘i bilan maxsus ishchi guruh tuzilib, ekologik va sanitariya talablari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Janubiy Farg‘ona kanalining Bulokboshi tumanidan o‘tuvchi qismida suv yuzasida ko‘piklar paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng, mazkur holat Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.
Aniqlanishicha, hodisa ro‘y bergan kuni kanalning Bulokboshi tumanidan o‘tuvchi qismlarida haqiqatan ham suv yuzasida ko‘piklar kuzatilgan.
Viloyat prokurorining topshirig‘iga binoan holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tashkil etildi.
Mazkur guruh tomonidan suvdan namunalar olinib, belgilangan tartibda laboratoriya tekshiruvlariga yuborildi. Holat yuzasidan batafsil ma’lumotlar ekspertiza xulosalariga ko‘ra qo‘shimcha e’lon qilinadi.







