Janubiy Farg‘ona kanali suvining tarkibida kimyoviy moddalar aniqlandi
Kanal yaqinida joylashgan korxonadan matolarni yuvishda foydalanilgan suv kanalga oqizilgan.

26-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Buloqboshi tumanidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanalida suv yuzasida ko‘piklar paydo bo‘lgani aks etgan videoyozuvlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Holat bo‘yicha mutasaddi idoralar zudlik bilan tekshiruv ishlarini boshladi.
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi hududiy boshqarmaning ma’lum qilishicha, dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, kanal suvida fizik-kimyoviy o‘zgarishlar aniqlangan. Xususan, suv tarkibida nitrit va nitrat tuzlari, ishqoriy birikmalar va bo‘yoq qoldiqlari borligi tasdiqlandi.
Mazkur holatga Shirmonbuloq hududida faoliyat yuritayotgan tikuv-trikotaj fabrikasining ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan texnik suvni kanalga oqizgani sabab bo‘lgan. Ekologiya idorasi vakillari tomonidan holat yuzasidan chora ko‘rilib, korxona faoliyati bo‘yicha qonunchilik doirasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Andijon viloyati prokuraturasi ushbu holatni nazoratga olgan bo‘lib, barcha mas’ul tashkilotlar ishtirokida batafsil o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Rasmiy laboratoriya xulosalari va yakuniy ma’lumotlar asosida qo‘shimcha axborot taqdim etilishi rejalashtirilgan.







