Tadbirkorlardan startapchilargacha: O‘zLiDeP elektoratini kengaytirmoqchi
Partiya elektoratini kengaytirish jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini siyosiy maydonda ifoda etish bilan izohlandi.

O‘zLiDePning navbatdagi Kongressiga tayyorgarlik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi partiya kengashlari konferensiyalari bo‘lib o‘tdi.
Ularda partiya elektoratini kengaytirish, jamiyatning yangi ijtimoiy qatlamlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyalarda tadbirkorlar va fermerlar bilan bir qatorda, ta’lim, tibbiyot va sport sohasi vakillari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar, startapchilar, malakali mutaxassislar, yoshlar hamda ishbilarmon xotin-qizlar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Partiya ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda jamiyatda yangi iqtisodiy va ijtimoiy qatlamlar shakllanmoqda. Shu bois aholining turli guruhlari manfaatlarini ifoda etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Ta’kidlanishicha, elektoratni kengaytirish nafaqat partiya a’zolari sonini oshirish, balki jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini siyosiy maydonda ifoda etishni ham anglatadi.
Konferensiyalarda bildirilgan takliflar partiyaning kelgusi faoliyatida inobatga olinadi.








