Toshkentda elektr avariyalari sabab 28 nafar mansabdor jazolandi
O‘rganish davomida tizimda muammolar borligi maʼlum bo‘lgan.

24−25 iyul kunlari Toshkent shahrining turli tumanlarida elektr energiyasi taʼminoti bilan bog‘liq avariyalar hamda tarmoqlarda kuchlanishning pasayib ketishi kuzatildi. Holat Bosh prokuratura tomonidan mutaxassislarni jalb etgan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida cheklovlar va avariyalar haqida isteʼmolchilarni vaqtida xabardor qilish talab darajasida tashkil etilmagani aniqlangan. Iyul oyining 23-kunida 64 ta avariya bo‘yicha isteʼmolchilar ogohlantirilmagan, 112 tasi bo‘yicha esa kech ogohlantirilgan.
28 nafar (“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ boshlig‘i va 11 nafar tuman elektr taʼminoti korxonalari boshliqlari, 13 nafar tuman korxonasi bosh muhandislari, 3 nafar tuman korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari) mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tizimli muammolar borligi maʼlum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, jamiyatning 410 nafar ishchi-xodimdan iborat 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport vositasi yuzaga kelayotgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun yetarli emas. 35 ta shtat birliklariga ehtiyoj mavjud.







