Andijonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdori ushlandi
U ikki yil davomida tashkilotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab, Suriyadagi terrorchilik faoliyatida ishtirok etmoqchi bo‘lgan.

Andijon viloyatining Andijon tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro 2023 yildan boshlab “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining media targ‘ibotchilari taʼsiriga tushib, tashkilotning “hijrat” va “jihod” qilishga, “shahid” ketishga daʼvat qiluvchi, diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, materiallarini ijtimoiy tarmoqdagi profillari orqali tarqatadi.
XTT aʼzolari bilan doimiy aloqaga kirishib, tashkilot safida “jihod” amalini bajarish orqali qurolli to‘qnashuvlar va terroristik harakatlarda ishtirok etishni rejalashtiradi.
Bundan tashqari, ushbu fuqaro XTT aʼzolariga bevosita moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida muntazam ravishda pul mablag‘larini jo‘natadi. Xususan, 2023-2024 yillar davomida umumiy hisobda kriptovalyuta orqali 2912 AQSH dollari va bank kartalari orqali 4 mln 190 ming so‘m pul mablag‘i yuboradi.
Keyinchalik, 2023-2024 yillarda Suriyadagi terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun Qirg‘iz Respublikasi orqali 2 marotaba Turkiya davlatiga boradi. Ammo, Suriya davlatiga o‘tishni imkoni bo‘lmagach, XTT aʼzosining ko‘rsatmasi bilan Afg‘onistonga borib, “Islom jihodi ittihodi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni reja qiladi. Eron davlati orqali Afg‘onistonga o‘tishga uringan ushbu shaxsning rejasi oxiriga yetmay, 2024 yilning noyabr oyida qo‘lga olinadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi tomonidan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155-2-moddasi 1-qismi, 155-3-moddasi 2-qismi “a” bandi, 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.







