6 oyda samolyotda 5 kishi vafot etdi — “Uzbekistan Airports”
Sog‘lig‘i xavf ostida bo‘lgan yo‘lovchilarning parvozlari bekor qilinmoqda.

Samolyot bortidagi o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston aeroportlarida sog‘lig‘i xavf ostida bo‘lgan fuqarolarning parvozi to‘xtatilmoqda.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi tibbiy xizmatining maʼlumotlariga ko‘ra, ayrim tibbiy holatlarda fuqarolarning havo transportidan foydalanishi salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
2024 yil davomida 46 nafar yo‘lovchi sog‘lig‘i tufayli parvozdan chetlatilgan. 2025 yilning dastlabki olti oyida esa bu ko‘rsatkich 61 nafarga yetdi. Shuningdek, o‘tgan yili 14 nafar, joriy yilning shu kungacha bo‘lgan davrida esa 5 nafar yo‘lovchi samolyot bortida vafot etgan.
Parvozga asosiy qarshi tibbiy ko‘rsatmalar quyidagilardan iborat:
- Yaqinda o‘tkazilgan operatsiyalar;
- O‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari (yurak xuruji, stenokardiya);
- Insult, pnevmoniya, pnevmotoraks, bronxial astma;
- Og‘ir anemiya, qon ketish, tromboemboliya;
- Quloq, burun va ko‘zlarda bosimga bog‘liq jarohatlar;
- Homiladorlikning kech bosqichlari va asoratli homiladorlik holatlari.
Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarida parvozga tibbiy qarshi ko‘rsatmalarga quyidagilar kiradi:
- Yuqori harorat bilan kechuvchi o‘tkir yuqumli kasalliklar;
- Shok, peritonit, gangrena, o‘tkir sepsis;
- Yurak, miya, o‘pka kasalliklarining og‘ir bosqichlari;
- Qon kasalliklari, ruhiy kasalliklar, glaukoma, meningit;
- Onkologik kasalliklar va og‘ir nevrologik shikastlar.
Bunday holatlarda bemorlar faqat sanitariya aviatsiyasi orqali, tibbiyot xodimi kuzatuvida maxsus ruxsat asosida tashilishi mumkin. Bunda bemor yoki u bilan birga bo‘lgan shaxsdan yozma majburiyat olinadi.
Homilador ayollarga parvoz uchun ruxsat etiladigan holatlar:
- 35 haftagacha yagona homiladorlik (shifokor tasdig‘i bilan);
- 32 haftagacha ikki va undan ortiq homiladorlik;
- 35 haftadan oshgan bo‘lsa — faqat tibbiy kuzatuv va maxsus hujjatlar asosida.
Barcha aeroportlarda yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarga birinchi tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi. Tibbiy punktlar aeroport terminali va uning atrofida joylashgan bo‘lib, parvozga oid maslahatlar, zarur hollarda shoshilinch yordam va ko‘rik xizmatlarini ko‘rsatadi.







