Parlamentdagi muxolifat vakolatlari kengaytirildi
Endilikda muxolifat partiyasi fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar rais o‘rinbosari lavozimlarini egallaydi.

2025 yil 30 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan parlamentdagi muxolifat maqomiga ega siyosiy partiya fraksiyalarining kafolatlangan huquqlari yana-da kengaytirildi.
Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘zini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
O‘z vakillarining:
Qonunchilik palatasidagi 1 nafar qo‘mita raisi;
2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;
Har qanday masala bo‘yicha qonun loyihasi ikkinchi o‘qishdan avval uning muqobil tahririni taklif qilish;
Har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida masala kiritish tashabbusini ilgari surish.
Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.







