Yangiyo‘lda erkak xotinini urib, uni pichoq bilan qo‘rqitgani aytildi
Holat yuzasidan IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida erkak ko‘chada qizni shafqatsizlarcha urib, pichoq bilan qo‘rqitgani aks etgan videolar tarqalgandi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Olib borilgan dastlabki surishtiruvga ko‘ra, voqea bugun, 31 iyul kuni tonggi soat 05:00 lar atrofida sodir bo‘lgan.
Yangiyo‘l tumanida yashovchi 27 va 20 yoshli er-xotin uyda o‘zaro janjallashib qolgan va natijada ayol turmush o‘rtog‘i boshqaruvidagi avtomashina shinasini uydan olgan oshxona pichog‘i bilan teshib qo‘ygan.
Shundan so‘ng er pichoqni ayolidan olib qo‘yishga uringanida, ayol pichoqni bermaganligi va o‘tgan vaqt davomida ular mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qilmagani aniqlangan.
“Ayni vaqtda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi taʼminlanadi”, - deyiladi xabarda.







