AI-92 benzin narxi arzonlashdi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilib, birja narxi pasaytirildi.

Davlat rahbarining aholiga arzon va sifatli yoqilg‘i mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlari ijrosi doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-92 rusumli avtobenzin narxi bosqichma-bosqich kamaytirildi. “O‘zbekneftgaz” AJga ko‘ra, bu chora ichki yoqilg‘i bozorini barqarorlashtirish va iste’molchilar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Kompaniya strategiyasi doirasida ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirildi, tannarxni kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi oshib, narx pasayishiga erishildi.
Buxoro NQIZda ishlab chiqarilgan AI-92 avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirildi. Bu esa bir litr AI-92 benzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘mni tashkil etishini bildiradi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ma’lum qilishicha, yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari davom ettiriladi. Mutaxassislarning fikricha, bu qaror nafaqat iste’molchilarga qulay sharoit yaratadi, balki butun yoqilg‘i bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.







