O‘zbekiston yoshlari Ginnes rekordini yangiladi
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yoshlarimiz tarixiy yutuqqa erishdi, deya xabar qilmoqda zamon.uz muxbiri.

18-avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yosh muhandislar tarixiy yutuqqa erishib, mamlakatimiz nomini ilk bor muhandislik sohasida Ginnesning rekordlar kitobiga yozdirdi. Bu haqda Zamon.uz muxbiri xabar qilmoqda.
O‘zbekistonning turli hududlaridan saralangan 2 ming nafar yosh muhandis 25 daqiqa ichida 2 mingta mini-robotni yig‘ib, harakatga keltirdi. Natija Bosh hakam — Butunjahon Ginnes rekordlari tashkiloti vakili Karl Terri Sevil tomonidan rasmiy tasdiqlandi va Ginnes sertifikati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qungratboy Sharipovga topshirildi.
Mazkur natija nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda muhandislik sohasida qayd etilgan ilk Ginnes rekordi bo‘ldi. Avvalgi ko‘rsatkich 2023-yilda Hindistonda qayd etilgan bo‘lib, u yerda 1459 nafar yosh bir vaqtning o‘zida robot yasagan edi. Endilikda eng yirik muhandislik missiyasi O‘zbekistonda ro‘y berdi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlardan 1000 nafari hududlardagi oliygohlardan, 930 nafari Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalaridan, 50 nafari Prezident ta’lim agentligi tizimidagi maktablardan, 20 nafari esa imkoniyati cheklangan yoshlar orasidan tanlab olindi. Missiya jarayonida ular bir vaqtning o‘zida davlat madhiyasini chor bo‘lib kuylash orqali o‘zlarining milliy g‘urur va birdamliklarini namoyon etdilar.
O‘zbekiston yoshlari tomonidan erishilgan ushbu rekord mustaqilligimiz bayrami arafasida Vatanga ramziy tuhfa bo‘ldi. Bu yutuq yosh avlodning ilm-fan va texnologiyalar sohasida raqobatbardosh bo‘lib shakllanayotganidan dalolat beradi.







