“Zelenskiy xohlasa, urushni darhol tugatishi mumkin” — Tramp
AQSh prezidenti Qrimni qaytarib bo‘lmasligini va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi imkonsizligini ta’kidladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy istasa, Rossiya bilan urushni “darhol tugatishi mumkinligini” aytdi. U, shuningdek, Qrimni qaytarib bo‘lmasligini va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi “imkonsiz”ligini ta’kidladi.
Tramp bu fikrlarni yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida yozdi:
“Obamadan 12 yil oldin birorta o‘q otmasdan berib yuborilgan Qrimni qaytarib bo‘lmaydi! Ukraina NATOga kira olmaydi. Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi!!!”
Dushanba kuni Vashingtonda Zelenskiy va Tramp uchrashadi. Avval ikki tomonlama uchrashuv, keyinroq esa Yevropa rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokaralar bo‘lishi kutilmoqda.
Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer hamda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash uchun Vashingtonga tashrif buyuradi. Ular Ukraina xavfsizligi uchun AQShni ham jalb etuvchi kafolatlar muhokamasini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Tramp esa yaqinda Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni muhokama qilgan edi. Reuters manbalariga ko‘ra, takliflardan biri — Rossiya kichik hududlardan voz kechishi evaziga, Ukraina sharqdagi ba’zi hududlarni berib yuborishi va frontni muzlatib qo‘yish. Zelenskiy bu taklifni rad etgan.
Yevropa yetakchilari birgalikdagi bayonotida Ukraina chegaralarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligini va “xavfsizlikni kafolatlash uchun qo‘shinlar joylashtirishga tayyor” ekanini ma’lum qildi.
Trampning yaqinlari esa NATOga a’zolik o‘rniga AQShdan “NATOning 5-moddasiga o‘xshash mudofaa kafolatlari” taklif qilinayotganini aytmoqda.
Urush 2022-yildan beri davom etib, 1 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan yoki yaralangan.







