Iordaniya Podshohi Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishdi
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili bo‘lgan Iordaniya Podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy va madaniy obidalarini ko‘zdan kechirdi.
Davlat rahbarlari eng avvalo Shohi Zinda majmuasini ziyorat qildilar. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) sahobalaridan Qusam ibn Abbos va boshqa mashhur arboblarning maqbaralari joylashgan bo‘lib, majmua asrlar davomida me’morchilik va naqqoshlik san’ati taraqqiyotini o‘zida mujassam etadi. Shohi Zinda 2001-yilda UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Hoshimiylar sulolasining vakili, Podsho Abdulla II Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovati va duo o‘qildi.
Tashrif doirasida Iordaniya delegatsiyasi Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi. Mehmonlarga Sohibqironning davlat qurilishi, harbiy mahorati, diplomatik faoliyati va o‘z davrining eng qudratli davlatini barpo etgani haqida ma’lumot berildi.
Davlat rahbarlari keyinchalik Registon majmuasiga ham tashrif buyurdilar. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat bu yodgorliklar asrlar davomida ilm-fan markazi bo‘lib xizmat qilgan. Majmua o‘zining mukammal me’moriy uyg‘unligi bilan Samarqandning ramziga aylangan.
Mehmonlarga ushbu obidalar tarixiy yaratilish jarayoni, bezak san’ati xususiyatlari hamda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.







