Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi harbiy paradda qatnashadi
3-sentabr kuni Pekinda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan harbiy parad va yubiley marosimlari o‘tkaziladi.

3-sentabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida yapon bosqinchilariga qarshi urush va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim hamda harbiy parad bo‘lib o‘tadi.
Xitoy davlat OAVlari xabariga ko‘ra, ushbu tadbirda 26 nafar xorijiy davlat rahbarlari va hukumat boshliqlari ishtirok etadi. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Yubiley munosabati bilan Pekinning markaziy Tyananmen maydonida Xitoy armiyasining zamonaviy qiruvchi samolyotlari va turli harbiy texnikalari namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Marosimda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, KXDR yetakchisi Kim Chen In, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hamda qator Osiyo va Afrika davlatlari rahbarlari ham ishtirok etadi.
Tantanali tadbir Ikkinchi jahon urushidagi umumjahon g‘alabasini yodga olish va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik ramzi sifatida o‘tkaziladi.







