Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zladi
Davlat rahbari G‘azo va Ukraina muammolarini tinch yo‘l bilan hal etishga da’vat etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yalpi majlisida nutq so‘zladi. Davlat rahbari global hamda mintaqaviy masalalar, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida batafsil to‘xtaldi.
Prezident o‘z nutqida dunyoda urushlar, qarama-qarshiliklar va tengsizliklar kuchayib borayotganini ta’kidladi. U BMTning global muammolarni hal etishdagi asosiy minbar sifatidagi rolini mustahkamlash zarurligini qayd etdi hamda Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va kengaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash borasidagi natijalarga alohida e’tibor qaratdi. So‘nggi yillarda mintaqada savdo hajmi va investitsiyalar 5 barobar ortgani, qo‘shma ishlab chiqarish zonalari va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
“8 yil avval biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirish qarorimizni e’lon qilgan edik. Bugun esa faxr bilan aytish mumkinki, bu maqsadga erishdik. Endilikda yopiq chegaralar va hal etilmagan nizolar davri ortda qoldi”, — dedi Prezident.
Nutqda, shuningdek, Afg‘onistonni xalqaro jarayonlardan chetda qoldirmaslik, u orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish lozimligi bildirildi. Davlat rahbari G‘azo sektoridagi humanitar inqiroz hamda Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish zarurligiga urg‘u berdi.
Prezident iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligini insoniyat uchun eng jiddiy tahdid sifatida qayd etdi. Orolbo‘yida 2 million gektar maydonga ko‘chat ekilgani, 2030-yilga qadar hududning 80 foizi yashil qoplamaga ega bo‘lishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi”ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari raqamli tengsizlikning oldini olish, sun’iy intellekt texnologiyalarini ochiq va adolatli almashish mexanizmini yaratish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, “Jahon yoshlarining tinchlik harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini bildirdi.







